"Zabx"- xayvonning bo‘g‘ziga pichoq urib bo‘g‘izlash va tomirlarini kesish demakdir. Bo‘g‘izlanadigan xayvonga esa "Zabixa" deyiladi.

Bo‘g‘izlashning ikki turi mavjud, xaqiqiy yoki ixtiyoriy - bunda xayvon qoidaga binoan keskir bir vosita (pichoq) bilan bo‘g‘izlanadi. Majburiy bo‘g‘izlash - ovda xayvonning yaralanishidir. Qoidasiga binoan ovlanish natijasida yaralanib o‘lgan xayvon, bo‘g‘izlangan xisoblanadi.

Bir xayvonning ko‘kraklari ustidan pichoq urilib tomirlarini kesishlikka “Naxr” deyiladi. Tuyani zabx qilish(bo‘g‘ziga pichoq urib bo‘g‘izlash) makrux. Tuya naxr qilinadi.

Dinimiz qoidalariga binoan bo‘g‘izlash bu nafas yo‘li- kekirdak va ovqat yo‘li – qizil o‘ngach va ular yonlarida joylashgan ikki tomirni kesishlikdir. Imomi A’zamga ko‘ra bu to‘rt uzvdan uchtasini kesishlik yetarlidir.

Xayvonlarni bo‘g‘izlash uchun tomirlarni kesib qonlarini oqqizadigan asbob bo‘lishi yetarlidir. Pichoq kifoya qilgani kabi, keskir qamish poyasi yoki shisha parchasi xam yetarlidir. Faqat bu asbob xayvonga aziyat bermaydigan darajada keskir bo‘lishi kerak.

Xayvonni yerga yotqizgandan keyin bu asbobni charxlash makruxdir. Xayvonni so‘yiladigan joyiga oyog‘idan tortib kelish makruxdir. Xayvonni bo‘ynining osti (bo‘g‘zi) qolib bo‘ynining ustidan so‘yish va terisini shilmasdan oldin kallasini uzib tashlash makruxdir.

Xayvonni bo‘g‘izlayotganda Basmalani aytishlik shartdir. Bo‘g‘izlashda Buyuk Robbimizning muborak ismlaridan birortasini aytishlik yetarlidir. Alloxu Akbar, Alloxu A’zam, Allox kabi... Lekin Alloxning ismini duo niyatiyla aytishlik yetarli bo‘lmaydi. “Alloxummag‘firli “ kabi...

Xayvonni bo‘g‘izlayotganda: “Bismillox Alloxu Akbar” deyishlik mustaxabdir. Xayvonni bo‘g‘izlayotganda qibla tarafga qaratib so‘yish sunnatdir, buni tark qilishlik makruxdir.

Bo‘g‘izlovchi(qassoblar) - musulmon va Axli Kitob bo‘lgan Yaxudiy va Nasorolar, agarchi ular ayol bo‘lsalar xam, Basmala ila(Alloxning nomini aytib) bo‘g‘izlagan xalol turkumdagi xayvonlar go‘shti yeyilishi joizdir. Basmala ayni bo‘g‘izlanayotgan paytda aytilishi shartdir. Agar bo‘g‘izlovchi Basmalani aytganidan keyin boshqa biror odam bilan gaplashsa, yoki biror narsa yesa avvalgi Basmalasi yetarli bo‘lmaydi. Boshqattan Basmalani aytadi.

Musulmon yoki Axli Kitob bo‘lgan va Basmala ayta olgan yosh bola, aqli zaif, soqov, sunnatsiz va mast odamning Basmala aytib bo‘g‘izlagan xalol turkumdagi xayvonlar go‘shti yeyilishi xam joizdir.

Agar bo‘g‘izlovchi Basmalani unutib tark qilgan bo‘lsa buning zarari yo‘qdir. Majusiylarning, butga sig‘inuvchilarning, xaq dindan chiqqan murtadlarning va Basmalani qasddan tark qilgan Musulmon va Axli Kitoblar bo‘g‘izlagan xayvonlar go‘shti yeyilmaydi. Bu xayvonlar go‘shti xarom xisoblanadi.

Qurbonlik xayvonini Axli Kitob bo‘lgan kishining bo‘g‘izlashi makruxdir.

 

Hasip Asutay. Qurbonlik risolasi
Tarjimon: Sayfiddin Sayfulloh
Toshkent, "Movarounnahr" 2005