Yangi tug‘igan chaqaloq sochiga Aqiqa deyiladi. Alloh Taolo farzand berganiga shukur sifatida so‘yiladigan qurbonlikka ham ’’Aqiqa’’ nomi berilgandir. Aqiqa uch imomga ko‘ra sunnat, Xanafiylarga ko‘ra mustahab va go‘zal amaldir .
Payg‘ambarimiz alayhissalom:
Yaxudiylar o‘g‘il bola tug‘ilsa, bir jonliq so‘yishadi. Siz (esa) ikkita jonliq so‘ying. Yaxudiylar qiz farzand tug‘ilsa, xafa bo‘lib xech narsa so‘yishmaydi. Siz (esa xursand bolib) bir jonliq so‘ying” - deganlar.
Payg‘ambar alayhissalom Islomdan avvalgi urf-odatlarni, jumladan so‘yilgan jonliqning qonini tug‘ilgan bolaning boshiga surtishni ham isloh qilganlar. Hozirgi zamonamizdagi xo‘roz so‘yib, uning qonini bolani boshiga surtish ham mushriklarning odatlaridan. Bunday ishlarni aslo qilmaslik lozim.
Aqiqa evaz, garov bo‘lib bolaga yetadigan balo, tuzalmas kasalliklar evaziga uning nomidan biror jonliqni so‘yib, sadaqa qilishdir. Bu haqida Rasululloh(SAV) bunday deganlar:
Yangi tug‘ilgan bolaga aqiqa qilinglar, qon oqizib, aziyatlarni daf qilinglar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa hadisda:
Rasululloh (SAV): “Aqiqa bolaga garovdir. Yettinchi kuni qo‘y so‘yiladi, ism qo‘yiladi va soch olinadi”- dedilar.
Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam “Aqiqa yettinchi, yoki o‘n to‘rtinchi, yoki yigirma birinchi kuni so‘yiladi”- deganlar (Bayxaqiy “As-sunanul kubro”da, Tabaroniy “Avsat”da rivoyat qilgan.) Shu kuni farzandning sochlari ham olinib, sochiga teng miqdorda oltin yoki kumush sadaqa qilinadi.
Qurbonlikka yaroqli xayvon aqiqaga ham yaroqli bo‘ladi. Xo‘roz, tovuq, kurka va g‘oz kabi uy parrandalari, hamda go‘shti yeyiladigan yovvoyi xayvonlar qurbonlik niyati bilan so‘yilishi mumkin bo‘lmaganidek, aqiqa uchun ham so‘yilishi mumkin emas.
Aqiqa jonlig‘ini so‘ygandan keyin tadbir uyushtirib odamlarga tarqatish shart emas, balki bunda muhimi jonliqning so‘yilishidir. Uni qay tartibda tarqatish odamning oziga bog‘liq: xohlasa, go‘shtini qo‘ni-qo‘shni va qarindosh-urug‘larga, yani kambag‘al-bechoralarga tarqatsin, xohlasa dasturxon yozib, odamlarni mehmonga chaqirishi ham mumkin.
Ammo bundan ko‘ra eng xaqdor odamlarga tarqatish afzal. Sababi oshga qorni to‘q va boy kishilar ham keladi. Nochorlar esa doim ham tadbirlarga chaqirilmaydi.
"Aqiqa qilishga qurbi yetmagan odam qarz olib bo‘lsa ham aqiqa qilishi kerak" degan gap shariatimizda yo‘q, lekin zamonamizda avj olgan chaqaloqni tug‘uruqxonadan olib chiqishda xar ikkala qudalar tarafidan qilinadigan isrofli xarajatlarni qila turib "Aqiqa qilib qo‘y so‘yishim shartmas, hozir sharoitim yo‘q", - degan boxona bilan aqiqa ibodatini tark qilish insofsizlik ila farzandining xaqqini ado qilmaslikdir. Masalaning shu tomonini inobatga olish kerak .
Buyurtma kalkulyatori