Hukm tomonidan qurbonlik necha xildir?
Hukm tomonidan qurbonlik vojib va nafl bo‘lib, ikki xildir.
Qurbonlikning ruknlari qaysilar?
Qurbonlikning faqat bir rukni bor, u ham bo‘lsa, qurbonlik qilinishi joiz bo‘lgan hayvonlardan birini so‘yishdir. Hayvonni so‘ymasdan tirik yoki evazini (haqini) kambag‘alga berish bilan qurbonlik mas’uliyatidan qutilmaydi.
Qurbonlik sahih bo‘lishining shartlari qaysilar?
Qurbonlik sahih bo‘lishining shartlari shulardir: 1. Qurbonlik qilinadigan hayvonning qusursiz bo‘lishi. 2. Vaqtida,ya’ni qurbon hayiti kunlari so‘yilgan bo‘lishi.
Qurbonlik qachon qilinadi?
Qurbonlik qilishning vaqti, Qurbon hayitning birinchi kuni tong boshlanishi bilan boshlanadi va uchinchi kuni quyosh botishigacha davom etadi. Lekin hayitning birinchi kuni so‘yilishi afzalroq. Shaharda va hayit namozi o‘qiladigan joylarda qurbonlikni hayit namozidan keyin so‘yish shartdir. Biroq Hayit namozi o‘qilmaydigan joylarda hayit kuni tong ota boshlashi bilan so‘yilishi mumkin.
Qurbonlik so‘yilgandan keyin u kunni hayit emas arafaligi ma’lum bo‘lsa, qilingan qurbonlik qurbonlikka o‘tadimi?
Ha, qurbonlik so‘yilgandan keyin u kunning hayit emas arafaligi ma’lum bo‘lsa, qilingan qurbonlik qurbonlikka o‘tadi. Chunki bu xil xatolardan har doim saqlanmoq mumkin emas.
Vojib bo‘lgan qurbonlik xillari qaysidir?
Vojib bo‘lgan qurbonlik xillari shulardir: 1-Boyning hayit kunlari qilgan qurbonligi; 2-Nazr qilingan qurbonlik; 3 Kambag‘alning qurbonlik niyati bilan sotib olgan qurbonligi.
Nafl bo‘lgan qurbonlik xillari qaysidir?
Nafl bo‘lgan qurbonlik xillari shulardir: 1. Musofirning qilgan qurbonligi; 2. Kambag‘alning qurbonlik uchun niyat qilmay sotib olgan yoki mulkiyatida (tasarrufida) bo‘lgan hayvonlardan qilgan qurbonligi. 3. Kishining Qurbon hayiti kunlaridan tashqari Alloh rizosi uchun so‘ygan qurbonligi.
Qurbonlik kimlarga vojibdir?
Qurbonlik boy va muqim (musofir bo‘lmagan) har bir musulmon erkak va ayolga vojibdir.
Boy deb kimga aytiladi?
Boy deb, qarzidan va asosiy ehtiyojlaridan boshqa 20 misqol (80.18 gr) oltin yoki shu qiymatdagi pul yoki molga ega bo‘lgan odamga aytiladi. Qurbonlik bilan zakotning nisobi bir xil bo‘lishi bilan birga, qurbonlik nisobida molning ko‘payadigan bo‘lishi yoki qurbonlik muddatidan bir yil o‘tishi kerak degan shart yo‘qdir .
Asosiy ehtiyojlar nimalar?
Odamning yashayotgan uyi, kerakli uy ashyosi, libos, ulov, ish qurollari va shunga o‘xshashlar asosiy ehtiyojlarning muhimlaridir.