Ibrohim alayhissalomga tushlarida: “Siz o‘z farzandingizni jonini bizga fido qiling” degan amr bo‘ldi. Haqiqatda inson uchun hamma narsadan eng mahbub narsa o‘z joni, undan so‘ng farzandlarining jonidir. Ibrohim alayhissalom bu hukmni Ismoil alayhissalomga bayon qildilar.
Bu voqeada eng ajablanarlisi Ismoil alayhissalomning bu hukmga rozi bo‘lishlaridir. O‘sha paytda u yosh bola bo‘lgan bo‘lsada, Alloh taologa o‘z jonini fido qilishga tayyor edi. Ibrohim alayhissalom o‘sha paytda payg‘ambarlik maqomida, komil ma’rifat egasi, “Allohning xalili” deb laqablanib bo‘lgan edilar. Ibrohim alayhissalomning shunday holatda turib o‘g‘lini qurbon qilishi, Ismoil alayhissalomni u hukm haqida o‘ylab ham ko‘rmay rozi bo‘lganlari oldida ajablanarli emas.
Aslida bu narsa Ibrohim alayhissalomning fayzlari sabablidir. Chunki, Ibrohim alayhissalom fayzlari sababli farzandlari ham Allohning oshiqiga aylangan edilar. Ulamolarimiz shu o‘rinda bir nuqtani bayon qilib: «Hojar onamiz xo‘jayinlariga: “Bizlarni bu yerga o‘z ra’yingiz bilan qoldirib ketyapsizmi yoki Allohning hukmi bilanmi?” dedilar. Ibrohim alayissalom: “Allohning hukmi bilan” deb javob berdilar. Hojar onamiz: “U holda Alloh bizni zoye qilmaydi», deb javob bergan ayoldan tug‘ilib, uning sutini emib voyaga yetgan farzand, bundan boshqacha ham bo‘lishi mumkin emas», deganlar.
Ismoil alayhissalom: «Ey otajon, senga (tushingda Parvardigor tomonidan) buyurilgan ishni qilgin. In shaa Alloh meni sabr qilguvchilardan topursan» dedilar.
Ibrohim alayhissalom o‘g‘li Ismoil alayhissalomni peshonalarini bir narsa ustiga qo‘yib, zabh qilishni boshlab, kuch bilan pichoqni tortgan edi, pichoq kesmadi. Chunki Ibrohim alayhissalomga “so‘ying” deb, pichoqqa esa “so‘ymagin” deb hukm bo‘lgan edi. Ibrohim alayhissalom g‘azablanib pichoqqa: “senga nima bo‘ldi, nima uchun kesmayapsan” dedilar. Pichoq: “Ey Ibrohim! Siz o‘z ishingizni qiling, men o‘z ishimni qilaman. Chunki sizga boshqa hukm, menga boshqa hukm buyurilgan”, dedi.
Darhaqiqat pichoqqa “O‘tmas bo‘l” deb hukm bo‘lgan edi, u o‘tmas bo‘ldi. Ibrohim alayhissalomga esa “So‘ying” deb hukm bo‘lgan edi, ular so‘yishga kirishdilar. Shu paytda g‘aybdan ovoz keldi: «Ey Ibrohim, darhaqiqat sen (ko‘rgan) tushingni rost-bajo qilding». Ibrohim alayhissalomning bu amallariga qurbonlik qilish masalasi tartib topdi. Alloh taolo uning bu amaliga nihoyatda “ulkan amal” deb baho berdi. Chunki u zot o‘z taraflaridan qilinishi kerak bo‘lgan ishni mukammal ado etgan edilar. Ular o‘g‘illarini so‘yishga yotqizib, uning bo‘yniga pichoq tortayotgan vaqtlarida pichoqqa “so‘yma” deb amr bo‘lganini bilmagan va pichoq ham o‘z ishini qilmasligidan bexabar edilar. Balki, “pichoqni tortaman va shu bilan qurbonlik ishi tamom bo‘ladi” deb o‘ylagan edilar.Chunki o‘g‘illarini tushlarida so‘yib bo‘lgan edilar. Endi natija qanday bo‘lishi u kishining ixtiyorlaridan tashqari ish edi. Garchi pichoq so‘ymagan bo‘lsada, u zot ulkan ishni ado etgan edilar.
Buni Alloh taolo shunday bayon qiladi: “Albatta Biz chiroyli amal qilguvchilarni mana shunday mukofotlarmiz. Albatta bu (ya’ni Ibrohimning o‘z o‘g‘lini qurbon qilishga buyurilishi) ochiq-ravshan imtihondir xolos. Biz (Ismoilning) o‘rniga (Ibrohimga) katta bir (qo‘chqor) so‘yishni – qurbonlikni evaz qilib berdik (ya’ni katta bir qo‘chqorni jannatdan tushirdik)”.
عَنْ زَيْدِ بْنِ أَرْقَمَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قُلْنَا: يَا رَسُولَ اللَّهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم، مَا هَذِهِ الأَضَاحِىُّ؟ قَالَ: «سُنَّةُ أَبِيكُمْ إِبْرَاهِيمَ عَلَيْهِ السَّلاَمُ»، قَالَ: قُلْنَا: فَمَا لَنَا فِيهَا؟ قَالَ: «بِكُلِّ شَعَرَةٍ حَسَنَةٌ»، قَالَ: قُلْنَا: يَا رَسُولَ اللَّهِ، فَالصُّوفُ؟ قَالَ: «بِكُلِّ شَعَرَةٍ مِنَ الصُّوفِ حَسَنَةٌ»
Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Biz: «Ey Allohning Rasuli “sollallohu alayhi vasallam” qurbonlikning haqiqati nima?», deb so‘radik.
U zot: «Sizlarning otangiz Ibrohim alayhissalomning sunnati», dedilar. Biz: «Undan bizga nima naf bor?», dedik. U zot: «Har bir tuk evaziga bitta hasana», dedilar. Biz: «Ey, Allohning Rasuli! Yungchi?», dedik.
U zot: «Yungdagi har bir tuk uchun bitta hasana», dedilar». (Ahmad, Tabaroniy, Bayhaqiy va boshqalar rivoyat qilishgan).
Hadisda qurbonlik qilish Ibrohim alayhissalomning sunnati va bu sunnat o‘z o‘g‘illarini zabh qilishlari bilan joriy bo‘lganligi bayon qilinyapti. So‘ng Alloh taolo qo‘chqorni Ismoil alayhissalom o‘rinlariga berdi. Bundan qurbonlik sifatida jonliq so‘yish o‘g‘ilni so‘yish maqomida ekanligidan darak beradi. Chunki Ibrohim alayhissalomda shunday bo‘lgan edi.
Hadisi Qudusiyda Alloh taolo: “Men bandamning Men haqimdagi gumonidaman”, degan.
Bizning “Qurbonlik jonvorini so‘yishimiz o‘g‘ilning o‘rniga qoim maqomdir va bizga ham Ibrohim alayhissalom o‘g‘illarini zabh qilgandagi savob yetadi” deb gumonimiz shunday puxta bo‘lmog‘i lozimdur. Agar kimki qilayotgan qurbonligini o‘z farzandining qurbonligidan evaz deb tushunmay, balki oddiygina “qo‘y so‘yyapman”, deb qasd qilsa ixtiyori o‘zida.
Manba: fiqh.uz