Hukm tomonidan qurbonlik necha xildir?
Hukm tomonidan qurbonlik vojib va nafl bo‘lib, ikki xildir.
Qurbonlikning ruknlari qaysilar?
Qurbonlikning faqat bir rukni bor, u ham bo‘lsa, qurbonlik qilinishi joiz bo‘lgan hayvonlardan birini so‘yishdir. Hayvonni so‘ymasdan tirik yoki evazini (haqini) kambag‘alga berish bilan qurbonlik mas’uliyatidan qutilmaydi.
Qurbonlik sahih bo‘lishining shartlari qaysilar?
Qurbonlik sahih bo‘lishining shartlari shulardir:
1. Qurbonlik qilinadigan hayvonning qusursiz bo‘lishi.
2. Vaqtida,ya’ni qurbon hayiti kunlari so‘yilgan bo‘lishi.
Qurbonlik qachon qilinadi?
Qurbonlik qilishning vaqti, Qurbon hayitning birinchi kuni tong boshlanishi bilan boshlanadi va uchinchi kuni quyosh botishigacha davom etadi. Lekin hayitning birinchi kuni so‘yilishi afzalroq. Shaharda va hayit namozi o‘qiladigan joylarda qurbonlikni hayit namozidan keyin so‘yish shartdir. Biroq Hayit namozi o‘qilmaydigan joylarda hayit kuni tong ota boshlashi bilan so‘yilishi mumkin.
Qurbonlik so‘yilgandan keyin u kunni hayit emas arafaligi ma’lum bo‘lsa, qilingan qurbonlik qurbonlikka o‘tadimi?
Ha, qurbonlik so‘yilgandan keyin u kunning hayit emas arafaligi ma’lum bo‘lsa, qilingan qurbonlik qurbonlikka o‘tadi. Chunki bu xil xatolardan har doim saqlanmoq mumkin emas.
Vojib bo‘lgan qurbonlik xillari qaysidir?
Vojib bo‘lgan qurbonlik xillari shulardir:
1-Boyning hayit kunlari qilgan qurbonligi;
2-Nazr qilingan qurbonlik;
3 Kambag‘alning qurbonlik niyati bilan sotib olgan qurbonligi.
Nafl bo‘lgan qurbonlik xillari qaysidir?
Nafl bo‘lgan qurbonlik xillari shulardir:
1. Musofirning qilgan qurbonligi;
2. Kambag‘alning qurbonlik uchun niyat qilmay sotib olgan yoki mulkiyatida (tasarrufida) bo‘lgan hayvonlardan qilgan qurbonligi.
3. Kishining Qurbon hayiti kunlaridan tashqari Alloh rizosi uchun so‘ygan qurbonligi.
Qurbonlik kimlarga vojibdir?
Qurbonlik boy va muqim (musofir bo‘lmagan) har bir musulmon erkak va ayolga vojibdir.
Boy deb kimga aytiladi?
Boy deb, qarzidan va asosiy ehtiyojlaridan boshqa 20 misqol (80.18 gr) oltin yoki shu qiymatdagi pul yoki molga ega bo‘lgan odamga aytiladi. Qurbonlik bilan zakotning nisobi bir xil bo‘lishi bilan birga, qurbonlik nisobida molning ko‘payadigan bo‘lishi yoki qurbonlik muddatidan bir yil o‘tishi kerak degan shart yo‘qdir .
Asosiy ehtiyojlar nimalar?
Odamning yashayotgan uyi, kerakli uy ashyosi, libos, ulov, ish qurollari va shunga o‘xshashlar asosiy ehtiyojlarning muhimlaridir.
Muqim deb kimga aytiladi?
Muqim deb qurbonlik so‘yiladigan kunlarda oilasi yashayotgan joyda bo‘lgan yoki safarda kamida o‘n besh kun yoki undan ham ko‘p qolishga niyat qilgan kishiga aytiladi. Qurbonlikni ta’minlash, so‘yish va go‘shtini haqdor kishiga berish qiyin bo‘lgani uchun musofir kishiga agar boy bo‘lsa ham qurbonlik qilish vojib qilinmagan. Lekin musofir xohlasa nafl tariqasida qurbonlik qilishi mumkin.
Kishining tug‘ilib o‘sgan yoki safar (musofir) hisoblanadigan masofaga borib qiladigan qurbonligining hukmi qanday?
Kishining u joyda uyi yoki aqori bo‘lmasa qilinadigan qurbonligi nafldir. Uyi yoki aqori bor bo‘lsa qurbonlikning hukmi ixtiloflidir. Ba’zilarga ko‘ra nafl, ba’zilarga ko‘ra vojibdir. Birinchi qarash to‘g‘riroqdir. Bunday ixtiloflar bunday vaziyatlarda kishining musofir yoki muqim bo‘lishiga borib taqaladi .
Musofir bo‘lgan kishining yashayotgan joyida vakolat bilan qilgan qurbonligining hukmi qanday?
Musofir bo‘lgan kishining yashayotgan joyida vakolat bilan qilgan qurbonligi nafldir.
Muqim bo‘lgan kishining safar masofasida bo‘lgan bir joyda vakolat bilan qilgan qurbonligining hukmi qanday?
Muqim bo‘lgan kishining safar masofasida bo‘lgan bir joyda vakolat bilan qilgan qurbonligi vojibdir. Bu ikki masalada qurbonlik so‘yiladigan joyga emas, qurbonlik sohibining muqim yoki musofir bo‘lishiga e’tibor qilinadi.
Musofir bo‘lgan kishi qurbonlik so‘ygandan keyin qurbonlik qiladigan kunlarda muqim holatiga kelsa yana qurbonlik qilishi kerakmi?
Yo‘q, musofir qurbonlik qilgandan keyin Hayit kunlarida muqim holatiga kelsa yana qurbonlik qilishi kerak emas.
Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun aql va balog‘at shartmi?
Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun Imomi A’zam va Abu Yusufga ko‘ra aql va balog‘at shart emas. Shu sababli boy bo‘lgan bir bola yoki ruhiy kasal bo‘lgan kishining molidan otasi yoki valiysi qurbonlik qilishi kerak. Bu qurbonlikning go‘shtidan faqat bola yoki ruhiy kasal bo‘lgan kishining o‘zi yeyishi mumkin. Go‘shtning qolgan qismini kiyimkechakka yoki foydalanadigan boshqa narsalarga almashtirish mumkin. Lekin Imom Muhammadga ko‘ra qurbonlik vojib bo‘lishi uchun aql va balog‘at shartdir. Fatvo ham shunga ko‘radir. Shu sababli bola yoki ruhiy xastaning molidan qurbonlik qilinishi kerak emas.
Bir odam boshka shaxsga xadiya kilib kurbonlik olib suydirib bersa buladimi? (masalan men bir kuy olib otamni nomidan suydirib otamni xursand kilsam)
Bo‘ladi. Xatto olamdan o‘tgan musulmon kishi nomidan xam qurbonlik so‘ysa bo‘ladi. (savobi shu olamdan o‘tgan kishiga degan niyatda)
Bir musulmonning zakot bergulik moli bo‘lmasayu, lekin yashab turgan uyidan boshqa yana bir uyi yoki olib qo‘ygan yeri bo‘lsa u kishiga qurbonlik vojib bo‘ladimi?
Xa bunday kishi albatta qurbonlik qilishi kerak. Yashab turgan uyidan tashqari nisob miqdoriga teng yoki nisobdan ortiq, mulk sifatida olib qo‘yilgan uy-joyi yoki yeri bo‘lgan muqim musulmonga qurbonlik vojib bo‘ladi. Masalan: Toshkent shaxriga boshqa viloyatdan kelib ijaraga uy olib yashayotgan odamning, o‘z viloyatida o‘zi yoki oilasi yashamayotgan yoki foydalanmayotgan uy joyi bo‘lsa bunday odamga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi, sababi viloyatidagi uyi endi xojati asliyadan chiqib qoldi.
Qurbonlikda sherikchilik qilish
Bir hayvon nechta odam nomidan qurbonlik qilinishi mumkin?
Bir qo‘y yoki echki faqat bir kishi nomidan qurbonlik qilinishi mumkin. Bir tuya yoki bir qoramol bir kishidan yetti kishiga qadar odamlar nomidan qurbonlik qilinishi mumkin. Yetti kishidan oshmaslik sharti bilan sheriklarning toq yoki juft bo‘lishlarining aslo farqi yo‘q.
Bir odamning boshqalarni sherik qilish niyati bilan qoramol sotib olishi, keyin boshqalarni sherik qilishida karohat bormi?
Yo‘q, bu vaziyatda boshqalarni sherik qilishda karohat yo‘qdir.
Qurbonlikda sheriklardan talab qilingan shartlar qaysilar?
Bir qoramol yoki tuyani qurbonlik qilishda sherik bo‘lganlardan talab qilingan shartlar shulardir:
1. Barcha sheriklarning musulmon bo‘lishlari;
2. Hammasining qurbonlik niyati bilan sherik bo‘lishlari;
3. Har birining umumiy qurbonlikdan eng kamida yettidan biriga ega bo‘lishi;Sheriklardan biri musulmon bo‘lmasa yoki qurbonlik niyati bilan emas, go‘sht uchun qo‘shilsa yoki birining hissasi yettidan biridan kam bo‘lsa, u qurbonlik tamoman qabul qilinmaydi. Lekin (niyatda) qurbonlik xillarining bir xil bo‘lishi shart emas. Ya’ni bir qismining vojib qurbonligiga, bir qismining sunnat, nafl, o‘lik (marhum nomidan) yoki aqiqa kabi farqli qurbonlik xillari uchun niyat qilinishi joizdir.
Ikki kishi ikki qo‘y uchun sheriklik qilishlari joizmi?
Ha, ikki kishining ikki qo‘y uchun istihsonan sherikchilik qilishi joizdir.
Yetmish kishi o‘nta qoramol qurbonlik qilish uchun sheriklik qilishlari joizmi?
Ha, yetmish kishining o‘nta qoramol qurbonlik qilish uchun sherikchilik qilishi joizdir. Faqat sheriklar bu haqda bilishlari kerak.
Nazr qurbonligi niyati bilan bir qoramol yoki bir tuyaga sherikchilik qilish joizmi?
Ha, nazr qurbonligi niyati bilan bir qoramol yoki tuyaga sherikchilik qilish joizdir. Chunki fiqh kitoblaridagi «qurbat jihatining (qurbonlik turlarining) farqli bo‘lishida zarar yo‘qdir» jumlalaridan birortasida nazr qurbonligi istisno qilinmagan.
Valima (uylanish ziyofati) niyati bilan bir qoramol yoki bir tuyaga sherikchilik qilish joizmi?
Ha, shukr yoki sunnat niyati bilan valima uchun bir qoramol yoki bir tuyaga sherikchilik qilish joizdir.
Qazo qurbonligi niyati bilan bir qoramol yoki bir tuyaga sherikchilik qilish joizmi?
Yo‘q, qazo qurbonligi niyati bilan bir qoramol yoki bir tuyaga sherikchilik qilish joiz emas. Agar sheriklardan biri bunga niyat qilsa, niyati hisoblanmay, qazoga niyat qilgan narsa naflga aylanadi. Boshqa sheriklarning qurbonliklari sahih bo‘lsa ham hissalari umumiy hissa bo‘lganligi uchun hammasining sadaqa qilinishi kerak.
Hasip Asutay. Qurbonlik risolasi
Tarjimon: Sayfiddin Sayfulloh
Toshkent, "Movarounnahr" 2005